avatar
Куч
0.00
Рейтинг
0.00

Мақолалар

Mening bobom va buvim-mahallamiz faxri

“Менинг бобом, бувим-маҳалламиз фахри” мавзусида ташкил этиладиган “Энг яхши иншолар” танлови
Илм-фан
Mening bobom, buvim – mahallamiz faxri
                                      Reja:
1.      Men bobom, buvimning arzanda nabirasiman.
2.      Bobomning o`gitlari, buvimnintg qo`shiqlari.
3.      Hayotda, mahallada keksalarning o`rni.
4.      Men oilam bilan faxrlanaman.
                                                                                         Yoshmisan, keksani sen
                                                                                                                       hurmat ayla,
                                                                                                                       O`zing ham qariysan  
                                `                                                                                             hozirdan o`yla.
(Attor)
 Keksa insonlar haqida gap ketganda, iymonli, yoshi ellikdan oshgan, chehrasidan nur, so`zlaridan duo yog`iluvchi nuroniy insonlar ko`z oldimizga keladi. Ular uyimiz qo`rg`oni, ular quyoshimiz, ularsiz hayot nuqsonli. Bobo, buvisi yo`q bolalarga achinaman. Chunki ular bobo-buvi mehrini ko`rmagan bolalar. Men esa hayotdan baxtiyorman. Hayotimda bobom – buvimning o`rnilari beqiyos, men ularning arzandasi, erkasiman. Bobo-buvilarim bizni juda yaxshi ko`radilar. Men ham ularni juda yaxshi ko`raman. Bobomlar haqida qancha gapirsam ham kam. Keksalar haqida, xalqimizda juda ko`plab she’rlar, dostonlar bor. Shunday ijodkorlardan yana biri Hisravdir. Bu kishi keksalar haqida quyidagicha yozadilar:
     Keksaga ko`mak ber – suyangan tog`ing,
     Buni tushunarsan qarigan chog`ing.
Haqiqatdan ham, qariyalar bizga, bilmagan narsalarimizni o`rgatadilar. Shunday ekan, biz ham ularga yordam berishimiz kerak. Ularning aytganini qilishimiz lozim. Qarilik gashtini, qarilik dardini qarigan paytimiz tushunamiz. Ular bizdan ham avlodlar qolsin – deyishadi. Yetuk, bilimli insonlar yetishib chiqsin deyishadi.
Bobo-buvilar hayotimiz ko`zgusi, biz uchun bebaho, aziz insonlardir. Men o`zimni ularsiz tasavvur qila olmayman. Men ularda matonat, sabr, oliyjanob fazilatlarni ko`raman. Ular hayotning oq-qorasini, yaxshi-yomonini ko`rgan, deyarli insonning chehrasidan kimligini payqay oladigan insonlardir. Jumladan, mening bobo-buvim ana shunday faxr bilan tilga olinadigan, men uchun dunyodagi eng aziz insonlardir. Bobom tabiatan bosiq, lekin kezi kelganda hazilkash insonlar. Ular Haj safarini o`tagan, butun qo`ni-qo`shni, qarindoshlar hurmat qilib Hojibobo deb murojaat qilishadilar. Bobom menga Haj taassurotlarni qiziqib gapirib beradilar, men esa berilib quloq solaman. Men: “Bobojon nasib etsa, men ham sizning yoshingizga, albatta, Hajga boraman”, — deb aytaman. Bobom bundan hursand bo`ladilar va bolajonim, tinchlikning qadriga yeting, biz rohat – farog`atda yashayapmiz, — deb aytadilar. Bobom Haj safaridan menga ko`plab sovg`alar olib kelganlar. Men ularni hali-hanuz arzitib toqaman. Bunga hammaning havasi keladi. Bobomlarnikiga borsam, buvim pishirgan taomlarni yemasdan ketmayman. Ular menga faqat  “Yaxshilik qil”, — deb o`qtiradilar. O`zlari ham birovga hech ham ziyon yetkazadigan ish qilmaydilar. Buvijonim juda chiroylim, shirinso`z, har bir gaplarida maqollardan, iboralardab qo`llaydigan so`zga boy insonlar. U kishi pazanda, ko`rpa-to`shaklarni qoyillatib qaviydigan chevardirlar. Buvijonim ish qiladigan vaqtlarida qo`shiqlardan hirgoya qiladilar:
 
Qo`limdagi igna, ip,
Zeb beradi, matoga,
Choklarim mayda-mayda,
Ko`rinadi ko`zimga.
Osmonlarda oq qushlar,
Uchib ketar uzoqqa,
Yorimning daragini
Olib ketar yiroqqa.
 Bu she’r bilan o`zlariga ilhom bag`ishlab, ko`rpa-to`shaklarni bir lahzada tamomlab qo`yadilar. Men buvimning oldilariga o`tirsam, hech qachon zerikmayman. Aksincha, men buvimdan ko`p narsani o`rganaman. So`z boyligim yanada oshadi. Bobom ham, buvim ham qarilik pullarining barchasini bizlar ya’ni, nabiralari uchun ishlatadilar. Maktabdan kelsam, shirin-shirin taomlar tayyorlab qo`yadilar. Buvimning qo`llari juda ham shirin. Darslarimda doimo yordam beradilar. Menga latifalar, hikoyalar hirgoyi qilib beradilar. U kishining bir rivoyatlari hayotim davomida asqotadi: “Bir kuni bir podsho qariyalarning barchasini tog`u-toshlar ichida adashtirib keling, shaharda bironta ham qariya qolmasin”, — deb buyruq beribdi. Barcha qariyani tog`u-toshlar ichida olib borib adashtirishibdi, lekin bir askar o`z otasini to`qayzorda yashirib qo`yibdi. Kunlardan bir kuni podsho daryo atrofida sayr qilib yurgan ekan, suv betidan yaltiroq bir narsa ko`ziga tashlanibdi. Podsho askarlarini yig`ib yaltiroq bu narsa nima ekan, darhol daryoga o`zingizni tashlab olib chiqing, deb buyruq beribdi. Askarlar necha marotaba daryoga suzsalar ham bu narsani topa olmabdilar. G`azablangan podsho: “Oxirgi marta buyruq beraman, buni topa olmasalaring tanangdan boshingni judo qilaman”, — deb farmon beribdi. Otasini yashirib qo`ygan askar otasiga borib bo`lgan voqeani aytibdi. Shunda otasi: “Bolam daryo bo`yida ahamiyat bilan qarasang daraxt bordir, shu daraxtning tepasida bir qush in qurgan bo`lishi mumkin. Qush injuni topib olib iniga olib kirgan. Uning aksi daryo betiga tushgan. Sen shu daraxtni topib darhol, gavhar toshni olib, podshohga eltib ber”, — debdi. Askar daryo bo`yida haqiqatan ham daraxtni ko`rib, tepasiga chiqsa, qushning inida gavhar tosh turgan emish. U toshni olib borib, podshohga beribdi. Podshoh hayratlanib: ”Buni qayerdan topding”, — deb so`rabdi. Daryodan, deb askar javob beribdi. Podshoh ishonmay yana so`rabdi. Shunda askar to`g`risini so`zlabdi va keksa otasidan maslahat so`raganini aytib beribdi. Shunda podshoh qariyalarni adashtirib kelganligi haqidagi farmonini inkor qilibdi. Eshitdengizmi, bu rivoyat barchaning qalbida keksalarga bo`lgan mehrni uyg`otadi. Men bobom va buvimdan eshitgan narsalarimni kelib, ustozlarimga aytib beraman. Ustozlarim mendan bularni qayerdan bilasan – deb aytishadi. Men esa bobom va buvimdan – deb aytaman. Ular hayron qolishadi.
Bizning mahalla “Qarluqxona” deb ataladi. Mahallamiz faollari doim yig`inlar, bayramlar o`tkazib turishadi. Qariyalardan xabar olib, ularga sovg`a – salom ulashib turishadi. Qariyalardan har bir bayramlarda ham sovg`alar  olib borishadi. Jumladan, mening bobom –buvim mahalla faollari. Ular ham o`z fikrlari bilan yig`ilishlarda qatnashib turishadi. Ular bilan mahalla ahli faxrlanadi. Nafaqat mahalla, balki, butun yurt ular ya’ni, qariyalar bilan faxrlanishadi. Prezidentimiz tomonidan shu yil keksalarga bag`ishlab, yilni “Keksalarni e’zozlash” yili deb atadilar. Bu bilan Prezidentimizning keksalarga bo`lgan e’tibori, hurmati emasmi? Shunday ekan, “Keksalarni e’zozlash ” yili uchun 230 million aqsh dollar ajratilgan. Bu Prezidentimizning 2015-yil 18-fevraldagi “Keksalarni e’zozlash” Davlat dasturi to`g`risidagi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan. Bu dastur 6 bo`lim, 66 ta moddadan iborat. Bu moddalarning birida shunday yozilgan: “Maktab, kollej, litsey o`quvchilarini keksalarga bo`lgan hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash ko`zda tutilmoqda”. Ha, agar biz ko`cha – ko`ydan keksa onaxonlarimiz, keksa otaxonlarimizni ko`rib qolsak, ularga yordam berishimiz, ularning qo`llaridagi narsalarini uylarigacha etib berishimiz kerak.
Bu dunyoda mendan baxtli inson bo`lmasa kerak. Chunki bebaho hisoblanmish bobo va buvim, ota-onam, qarindosh-urug`larim yonimda. Men ular bilan faxrlanaman. Ularsiz menga hayotning mazmuni yo`q. ular mening baxtim, taxtim, boyligimdirlar. Men hali-hanuz buvijonimga tasalli aytaman, chunki, ular tikkan ko`rpa-to`shaklariga men mazza qilib orom olaman. Hatto, qanday uyquga ketganimni ham bilmay qolaman. Ularsiz uy hovullab qoladi. Ular menga doim “Oltin olma, duo ol”, deb aytadilar. Duo olsang hech xor bo`lmaysan, deydilar. Qari insonning duosi oltindan ham ziyod. Ularning duosi bir umrga yetadi. Inson dunyoga ikki marotaba keladi, biri chaqaloqlik davri bo`lsa, ikkinchisi qarilik davri. Qarigan paytda ham huddi chaqaloqdek bo`lib qoladilar. Mehrga zor bo`lib qolishadi. Qariyalarimiz doim el ardog`idalar. Prezidentimiz tomonidan, ularga qarilik puli ajratilgan. Qarilarning har bir gapi, biz uchun zarur. Kuni kecha biz o`quvchilar, bir keksa onaxon va otaxonlarni ko`rib keldik. Ulardan ko`p narsalarni o`rgandik. Ular ham, bizdek yosh bo`lgan damlarini eslab, bizni ko`rib juda xursand bo`lishdi.
Oila men uchun qo`rg`on. Oilamiz mahallada obro`-e’tiborli xonadonlardan biri. Qo`shnilarimiz bilan ahl-inoq munosabatda bo`lamiz. Bobom mahalladagi qarovsiz oilalarga yordam berib turadilar, maslahatlarini ayamaydilar. Men o`qiydigan maktab uyimdan uncha uzoq emas. Maktabim kichkina bo`lsa ham, bag`ri issiq. Maktabimda shart-sharoitlar talaygina. O`z fanini chuqur bilgan ustozlar bizga ta’lim beradilar. Kompyuter bilan jihozlangan sinf xonalardan biz unumli foydalanamiz. O`qiging sari o`qiging keladi. Shahrimiz rivojlanmoqda, gullab yashnamoqda. Namunali uylar, ko`p qavatli binolar, turli kollej-litseylar qurilmoqda. Bu biz uchun emasmi? Shunday ekan, biz yoshlar a’lo o`qishimiz, Vatanga kerakli inson bo`lib yetishishimiz kerak, albatta. Shundagina oilam uchun, bobom-buvim uchun eng arzanda farzand bo`laman. Men maktabim va oilam bilan faxrlanaman.
 
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar 3-umumiy o`rta ta’lim maktabi 8-“B”  sinf o`quvchisi Fayoza Baratovaning “Mening bobom, buvim – mahallamiz faxri”  mavzusida yozgan inshosi